Самарқанд вилояти ҳокимлиги w w w . s a m a r k a n d . u z

Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublikaning turizm salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish, birinchi navbatda transport-logistika va turizm infratuzilmasidagi muammolarni tezkor hal etish, shuningdek, mavjud resurslar va imkoniyatlardan har tomonlama foydalanish hisobiga turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

2023 yil bahor-yoz mavsumida havo va temir yo‘llar orqali yo‘lovchilar tashishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2a va 2b-ilovalarga muvofiq;

2023 yilda respublika hududidagi turizm va madaniy meros ob’ektlariga olib boruvchi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash ishlarining manzilli ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;

2023 yilda turizm sohasidagi resurslar va imkoniyatlardan har tomonlama foydalanish hamda mavjud muammolarni tezkor hal etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 4a-ilovaga muvofiq;

2023 yilda turizm sohasida o‘tkaziladigan madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 4b-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirish bo‘yicha 2023 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejalari 5a–5o-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

2. Mamlakatning turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda – Respublika ishchi guruhi) 6-ilovaga muvofiq tarkibda va hududiy ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda – Hududiy ishchi guruhlar) 7-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda tashkil etilsin.

3. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Transport vazirligi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda respublikadagi oliy ta’lim tashkilotlarining hududlarning turizm salohiyatini oshirishga ko‘maklashish maqsadida oliy ta’lim tashkilotlariga tegishli hududlarni biriktirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

4. Oliy ta’lim tashkilotlariga biriktirilgan hududlar ro‘yxati 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va ushbu oliy ta’lim tashkilotlariga hududning turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha quyidagi vazifalar yuklatilsin:

hududning turizm salohiyatini o‘rganish, hudud va uning tarixi, turistik ob’ektlari va o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida turli tillarda kontentlar yaratish, ularni targ‘ibot qilish hamda turpaketlar yaratishda yordam ko‘rsatish;

nazariy bilim va amaliyotning uyg‘unligini ta’minlagan holda professor va o‘qituvchilarning izlanishlari, talabalarning turizm sohasidagi nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirish;

hududlardagi aholi tomonidan turizm xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda kadrlarning malakasini oshirishda ko‘maklashish.

5. O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 2023 yilda xorijiy sayyohlarni O‘zbekistonga jalb qilish bo‘yicha reja-jadval 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Quyidagilar zimmasiga:

a) Respublika ishchi guruhi (A.Aripov, A. Abduxakimov)ga:

mazkur qaror va unga ilovalarda belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar va chora-tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish hamda bu boradagi ishlarni har oyda kamida bir marotaba muhokama qilib borish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobotlarini eshitish;

turizm sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor bartaraf etish va kelgusida ularning oldini olish, Madaniyat va turizm vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish;

har chorakda mamlakat turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borish;

b) Hududiy ishchi guruhlarga:

Madaniyat va turizm vazirligi hududiy bo‘linmalarining joylarda turizm sohasida yaratilgan sharoitlar, mahalliy va xorijiy turistlarni jalb qilish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ikki haftada bir marotaba axborotini tinglash;

joylarda turizm sohasidagi mavjud muammolarni birma-bir muhokama qilib borish, turistik salohiyatni oshirish borasida mas’ullarni belgilagan holda chora-tadbirlarni tasdiqlash va ularning ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash;

hududning turistik salohiyatini oshirish, mahalliy va xorijiy turistlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga – mazkur qarorga 1-ilovada belgilangan turizmni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish;

g) transport vaziri I.R.Maxkamovga – mazkur qarorga 2a va 2b-ilovalarda belgilangan yo‘lovchilar tashishning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish;

d) madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari U.A.Azamov hamda mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlariga – mazkur qarorga 4a va 4b-ilovalarda belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish vazifalari yuklatilsin.

7. Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Madaniyat va turizm vazirligi bilan birgalikda 2023 yil Davlat byudjeti parametrlarida avtomobil yo‘llarini qurish-ta’mirlash ishlari uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida mazkur qarorga 3-ilovaga muvofiq tasdiqlangan turizm va madaniy meros ob’ektlariga olib boruvchi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash ishlari amalga oshirilishini ta’minlasin.

8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2023 yil uchun Davlat byudjetidan mahalliy aviaqatnov yo‘nalishlarini subsidiyalash uchun qo‘shimcha 30 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Belgilansinki, Transport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda reyslarni ularning bandligidan kelib chiqib subsidiyalash mexanizmlarini aniqlaydi.

9. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2023 yil 1 maydan boshlab:

2024 yil 1 iyulga qadar tajriba tariqasida turoperator xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga ular tomonidan 5 nafar va undan ortiq norezidentlarga xizmatlar ko‘rsatishni nazarda tutuvchi turpaketlar (joylashtirish, avtomobil yoki temir yo‘l transporti, ekskursiya va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar qamrab olingan) bo‘yicha chet ellik hamkorlariga taqdim etilgan hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 20 foiz miqdoridagi mablag‘lar respublika byudjetidan subsidiya sifatida qaytariladi;

2026 yil 1 mayga qadar mahalliy turoperatorlar, turizm sohasida joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi yoki avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z faoliyatida yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchi bilan birga o‘n va o‘ndan ortiq o‘rindiqqa ega bo‘lgan hamda ishlab chiqarilganiga 5 yildan ortiq bo‘lmagan transport vositalarini (TIF TN kodlari 8702 10, 8702 40, 8702 90) O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini foizlar hisoblanmagan va ularning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda 12 oy muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Madaniyat va turizm vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu bandda nazarda tutilgan tartiblarning o‘z vaqtda joriy etilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasining turizm mahsulotini xorijiy turizm bozorlarida targ‘ib qilishga 2023 yilda 50 milliard so‘m ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Madaniyat va turizm vazirligi:

a) bir oy muddatda:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda muzey va teatrlarning dam olish va bayram kunlarida, shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun qulay vaqtlarda ishlashini ta’minlansin;

vazirlikning yagona Call-markazida ko‘rsatilayotgan xizmatlar turlarini kengaytirish choralarini ko‘rsin;

b) 2023 yil 1 iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasining milliy turizm mahsulotlari va xizmatlarini xalqaro nufuzli turistik va marketing platformalarida reklama qilish xarajatlarini qoplab berish tartibini tasdiqlasin.

Belgilansinki, har yili Davlat byudjetidan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga O‘zbekiston Respublikasining turizm mahsulotini xorijiy turizm bozorlarida targ‘ib qilish uchun ajratiladigan mablag‘lar Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi “Milliy PR-markazi” DUKga belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun o‘tkazib beriladi.

11. Transport vazirligi:

a) bir hafta muddatda “Samarqand” xalqaro aeroportida joriy etilgan “Ochiq osmon” rejimi doirasida xorijiy aviakompaniyalar uchun reyslar va yo‘nalishlarga bo‘lgan cheklovlarni olib tashlasin hamda “beshinchi havo erkinligi”ni qo‘llasin, shuningdek, xorijiy davlatlarning aviatsiya ma’muriyatlari, chet el aviatashuvchilarini bu haqda belgilangan tartibda xabardor qilsin;

b) 2023 yil 1 maydan “Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda:

Farg‘ona, Namangan yoki Andijondan Buxoro, Samarqand, Termiz, Urganchga, shuningdek, Termiz – Nukus, Samarqand – Urganch, Buxoro – Urganch, Farg‘ona – Urganch kabi yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam aviareyslarni yo‘lga qo‘ysin;

Toshkentdan Nukus, Urganch, Buxoro, Qarshi va Samarqandga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yib, amaldagidan ikki baravargacha arzon tariflarni joriy etsin;

v) yangi tashkil etilgan rezident aviakompaniyalarga xorijiy yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirish uchun kvotalarning ajratilishini ta’minlasin;

g) bir oy muddatda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ushbu qarordan kelib chiqib, xalqaro shartnomalarga yangi tashkil etilgan rezident aviakompaniyalarga xorijiy va xalqaro yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirish uchun kvotalar ajratish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritish hamda parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berish choralarini ko‘rsin;

d) 2023 yil 1 oktyabrga qadar Urganch va Buxoro aeroportlarining har biri bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish bo‘yicha alohida tanlovlar e’lon qilsin;

ye) 2023 yil yakuniga qadar Namangan aeroportini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish bo‘yicha loyiha konsepsiyasini va texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqsin.

12. Madaniyat va turizm vazirligi Samarqand viloyati hokimligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 sentyabrga qadar YUNVTO shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusini yaratish maqsadida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga qarashli Samarqand shahri, Bobur Mirzo ko‘chasi, 3a-uy manzilida joylashgan bino va inshootlarning kapital rekonstruksiya qilinishi va to‘liq jihozlanishini hamda unga tutash hududning obodonlashtirilishini ta’minlasin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda ushbu bandning birinchi xatboshisida belgilangan ishlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.

13. Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Transport vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023 yil 1 maydan boshlab yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda:

Qamchiq dovoni orqali yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchidan tashqari o‘n to‘rttagacha o‘rindiqqa ega bo‘lgan M2 toifadagi transport vositalariga;

Jizzax viloyatidagi dovonlar hamda Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlarida tegishli toifadagi yo‘llar orqali turistik avtobus va mikroavtobuslarga muntazam qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat berilishini ta’minlasin.

Bunda, faqat 1 apreldan 1 noyabrga qadar bo‘lgan davrda kunduzi, ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan va gaz ballon uskunalari o‘rnatilmagan, sekinlashtiruvchi uskunasi (tog‘ tormozi) mavjud bo‘lgan hamda harakatni kuzatish navigatsiya qurilmasi va taxograf o‘rnatilgan transport vositalarida kamida 7 yil staji bor haydovchilarga avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish faoliyati uchun litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda qatnovni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

14. Markaziy bank Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi hamda Transport vazirligi bilan birgalikda:

2023 yil Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchidan tashqari sakkiz va undan ortiq o‘rindiqqa ega bo‘lgan transport vositalarini xarid qilish uchun 300 million so‘mgacha miqdordagi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishini ta’minlasin;

turizm sohasining sub’ektlariga aylanma mablag‘lar va investitsiyani ko‘paytirish uchun qo‘shimcha 300 milliard so‘mlik kredit liniyalarini ochishni ta’minlasin;

mablag‘lar joylashtirilgan tijorat banklari haqidagi ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borsin.

Bunda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki hafta muddatda mazkur bandning uchinchi xatboshisida ko‘rsatilgan kreditlar bo‘yicha foizlarning bir qismini Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan qoplab berish tartibini joriy qilishni ta’minlasin.

15. Madaniyat va turizm vazirligining nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun respublika bo‘ylab sayohatlar tashkil etish maqsadida “Sayohat barcha uchun!” loyihaсиni amalga oshirish bo‘yicha taklifi ma’qullansin.

Madaniyat va turizm vazirligi mazkur loyiha doirasida 500 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar sayohatini tashkil qilsin hamda dastlabki bosqichda Xorazm, Buxoro va Samarqand viloyatlarida 100 nafar surdo-gidlarni tayyorlash bo‘yicha dasturni ishlab chiqsin.

Bunda, ushbu loyiha bilan bog‘liq xarajatlar Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

16. Madaniyat va turizm vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari J.A.Xodjayev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

           Prezidenti                                                                                     Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2023 yil 26 aprel


Охирги ўзгариш: 05/05/2023 16:59.   Кўрилганлиги: 305
 
Материал манзили: https://samarkand.uz/uz/press/news/respublikaning-turizm-salohiyatini-jadal-rivojlantirish-hamda-mahalliy-va-xorijiy-turistlar-sonini-yanada-oshirishga-doir-qoshimcha-chora-tadbirlar-togrisida

 

Сўровнома


Веб-сайтимиз орқали қайси соҳа бўйича кўпроқ янгиликлар жойлаштирилишини истайсиз?

Хабарларга обуна бўлиш


Статистика


Ҳозир онлайн
Рўйхатдан ўтганлар: 0
Меҳмонлар: 6

Ҳаракатлар стратегияси 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. Самарқанд вилояти ҳокимлиги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.samarkand.uz манбаи кўрсатилиши шарт.