Qayering og‘risa, joning o‘sha yerda, deb bejiz aytishmaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, inson salomatligini tiklash uchun har qanday masofani bosib o‘tishga tayyor.
Ammo keyingi paytda tumanlarda o‘tkazilayotgan keng miqyosdagi ko‘riklar ana shu masofalarning qisqarishiga olib keldi.
Viloyatdagi yetakchi tibbiyot muassasalari mutaxassislari ishtirokidagi navbatdagi shunday ko‘rik Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rik davomida aholi sayyor mammograf apparati tekshiruvidan o‘tishlari, yurak-qon tomir va boshqa o‘nlab xastaliklari bo‘yicha diagnostika uskunalaridan foydalangan holda salomatliklaridan boxabar bo‘lishlariga imkoniyat yaratildi.
Kattaqo‘rg‘onning ba’zi hududlaridan nafaqat viloyat, balki tuman markaziga kelish uchun ham o‘nlab kilometr masofani bosib o‘tish lozim.
- Bugun qishloq xo‘jaligi xodimlari va ularning oila a’zolari uchun o‘tkazilayotgan tibbiy ko‘rikda mingdan ziyod aholi ishtirok etdi, - deydi Kattaqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Manzura Asrorova. – Ularga viloyat ixtisoslashtirilgan markazlarining 100 ga yaqin tajribali shifokor va mutaxassislar xizmat ko‘rsatdi. 700 ga yaqin aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 306 ishida turli kasalliklar aniqlandi, 145 nafariga ambulator davolanish, 92 nafariga tumanda, 66 nafariga viloyat shifoxonalarida davolanish uchun yo‘llanma berildi.
Bu kabi tibbiy ko‘riklar 1 fevraldan boshlab viloyatdagi barcha tumanlarda navbati bilan amalga oshirilmoqda.
Umuman, keyingi yillarda tibbiyotni aholiga tobora yaqinlashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan yil 19 ta mahallada 20 ta konteynerlar o‘rnatilib, mahalla tibbiyot punktlari tashkil etildi. Bu mahallalardagi aholiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati tug‘ildi.
- Joriy yildan boshlab o‘tkazayotgan maqsadli skrininglarimizda aholi faol ishtirok etmoqda, - deydi respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat bo‘limi rahbari Firdavs O‘lmasov. – Yil boshidan boshlab 500 ga yaqin aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan bo‘lsak, ular orasida uch kishida onkologik xastalik, 23 kishida rak oldi kasalliklari aniqlanib, davolanishlari btavsiya qilindi.
Shuningdek, ko‘rik davomida xastalik aniqlangan bemorlarga “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi tomonidan 13 turdagi dori vositalari tarqatildi.
Aytish kerakki, qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun o‘tkazilayotgan mazkur aksiya avvalida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan 11313 nafar qishloq xo‘jalik xodimlari hamda ularning 27877 nafar oila a’zolari ro‘yxati shakllantirildi.
Bugungi kunga qadar ushbu kontingentning 18596 nafari (47 foizi) profilaktik ko‘rikdan o‘tkazildi, 3101 fuqaroda turli kasalliklar aniqlandi. Ushbu bemorlarda kasallikning asoratlari kuzatilmasdan erta bosqichlarda sog‘lomlashtirish imkoniyati yaratildi.
Kasallik aniqlangan fuqarolarning 2841 nafari (91 foizi) sog‘lomlashtirilgan bo‘lsa, qolgan 416 nafari ambulator, 79 nafari viloyat va 12 nafari respublika miqyosidagi muassasalarda davolanish uchun tavsiyalar berildi.
Gulruh MO‘MINOVA.
Ўзбекистон Республикаси Президенти матбуот хизмати
Ўзбекистон Республикаси Давлат ҳукумати портали
Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси Сенати
Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси Қонунчилик палатаси
Ўзбекистон Республикаси миллий қонунчилиги онлайн базаси
Алоқа, ахборотлаштириш ва телекоммуникация бўйича давлат инспексияси
Ҳозир онлайн
Рўйхатдан ўтганлар: 2
Меҳмонлар: 8
Copyright © 2010 – 2018. Самарқанд вилояти ҳокимлиги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.samarkand.uz манбаи кўрсатилиши шарт.