Самарқанд вилояти ҳокимлиги w w w . s a m a r k a n d . u z

OLIS HUDUDDA DAVLAT XIZMATLARI KO‘RSATISH SIFATI QANDAY? Jurnalistlar Qo‘shrabotda shu masalani o‘rganishdi

OLIS HUDUDDA DAVLAT XIZMATLARI KO‘RSATISH SIFATI QANDAY? Jurnalistlar Qo‘shrabotda shu masalani o‘rganishdi

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun Qo‘shrabot tuman Davlat xizmatlari markaziga press-tur tashkil etildi.

Tadbirda ishtirokchilar viloyatning olis va chekka hududida davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati, markazda tadbirkor va fuqarolarga yaratilgan qulayliklar, mavjud imkoniyatlar, 160 dan ortiq davlat xizmatlarini olish tartibi, tumanda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami bilan tanishdilar. Shuningdek, qo‘shrabotliklarning bu boradagi fikrlari bilan qiziqib, markazga kelayotgan murojaatchilar bilan muloqotda bo‘lishdi.
— 1991 yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, — deydi “Saydirasul” MCHJ raisi Omon Javinov. — Hozirgi paytda korxonamiz qoshida 9 turdagi xizmatlarni yo‘lga qo‘yganmiz. Bugun ham yangi ishga tushirilishi rejalashtirilgan 4 qavatli savdo markazi va mehmonxona faoliyatiga doir hujjatlarni rasmiylashtirish uchun keldim. Xursand qiladigani, biz tadbirkorlar avvalgidek eshikma-eshik, sarson-sargardon yurmaymiz. Birgina Davlat xizmatlari markaziga kelishning o‘zi kifoya. Markaz ishga tushganidan beri 10 dan ortiq xizmatlardan foydalandim. Sarf qilgan vaqtim esa 5 daqiqaga ham yetmaydi.
Markaz direktori Yusuf Xolbekovning ma’lum qilishicha, o‘tgan 2021-yilda tuman aholisiga 20 407 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, 2020-yilning mos davriga nisbatan 5 ming 442 ta ko‘p davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Shundan qariyb 3 mingga yaqin tadbirkorlik sub’yektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 2020-yil bilan solishtirganda bu ko‘rsatgich o‘tgan yilda yana 38 taga ortgan. Qo‘shrabotliklar tomonidan 2021-yilda bolalarni bog‘chaga joylashtirish, elektron raqamli imzo olish, kadastr hujjatini shakllantirish kabi xizmatlarga talab yuqori bo‘lgan.
— O‘zim 53 yoshdaman, lekin yaqingacha tug‘ilganlik guvohnomam yo‘g‘idi, — deydi Oysara aya Suyarova. — Beparvolik sabab bunga hech e’tibor qilmaganmiz. Shuning oqibatida shu yoshgacha fuqaroligim tasdiqlanmagandi, ya’ni pasportim yo‘g‘idi. Tuman FHDY bo‘limiga murojaat qilgandim, sud qarori asosida qisqa muddatda guvohnomamni rasmiylashtirib berishdi. Shuni yordami bilan pasportli ham bo‘ldim. Tez orada pensiyaga chiqaman.
Ta’kidlash kerakki, 2021-yilda tuman Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi tomonidan 4172 ta tug‘ilganlik, 1316 ta nikoh, 719 ta o‘lim, 94 ta nikohdan ajralganlik holatlari qayd etilgan. Bo‘lim arxivida mavjud bo‘lgan qog‘oz ko‘rinishidagi 1935-yildan boshlangan dalolatnoma yozuvlari to‘liq raqamlashtirildi.
Qo‘shrabot tumani viloyatning eng olis hududlaridan biri sanaladi. Bugungi kunda tumanda 140 mingdan ortiq aholi istiqomat qilib keladi. Viloyat markazidan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan hudud aholisining davlat xizmatlariga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini ta’minlash, davlat xizmatlaridan foydalanishlarida yanada qulay imkoniyatlarni yaratish maqsadida tumanda 2020-yilda zamonaviy bino foydalanishga topshirilgan. Markaz bir vaqtning o‘zida 20 ta qabul oynasida murojaatchilarga xizmat ko‘rsata oladi.
Yangi inshootda FHDY bo‘limi, notarius va Bosh vazirning tadbirkorlar qabulxonasi, bolalar, investorlar xonalari, “Madad” nodavlat-notijorat tashkiloti va boshqa xonalar mavjud. Maskanda elektron navbat tizimi orqali fuqarolar qabul qilinadi. Zamon andazalariga mos ravishda jihozlangan binoda 6 ta monitorda 160 dan ortiq davlat xizmatlari yuzasidan ma’lumotlar taqdim etiladi.
Markazning kirish qismida xizmatlar haqida to‘liq ma’lumot beruvchi INFOLAND o‘rnatilgan bo‘lib, unda davlat xizmatlari markazi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat nomlari va ularning QR-kodlari joylashtirilgan. Mobil telefonda QR-kodni skaner qilish hamda ilova orqali ushbu xizmat haqida to‘liq ma’lumot olish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, sensorli INFOKIOSK yordamida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga (my.gov.uz) kirib, xizmatlarni onlayn olish, zarur hujjatlar, to‘lov miqdori singari muhim ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.

Киритилган вақти: 12/02/2022 16:38.   Кўрилганлиги: 360
 
Материал манзили: https://samarkand.uz/uz/press/news/olis-hududda-davlat-xizmatlari-korsatish-sifati-qanday-jurnalistlar-qoshrabotda-shu-masalani-organishdi

 

Сўровнома


Веб-сайтимиз орқали қайси соҳа бўйича кўпроқ янгиликлар жойлаштирилишини истайсиз?

Хабарларга обуна бўлиш


Статистика


Ҳозир онлайн
Рўйхатдан ўтганлар: 0
Меҳмонлар: 10

Ҳаракатлар стратегияси 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. Самарқанд вилояти ҳокимлиги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.samarkand.uz манбаи кўрсатилиши шарт.