Alisher Navoiy Hirotda vazir bo‘lgan yillarida butun kuchini mansab va shon-shavkat uchun emas, balki el-yurt uchun xizmat qilishga, odamlarning har qanday ishini xalq farovonligiga yo‘naltirishga, bunyodkorlik va ma’rifatga qaratdi.
Navoiy “fuqaro va darveshlarning farovonligi g‘arib hamda musofirlarning faroqati uchun” ko‘plab jamoat binolari va inshootlari: xonaqoh, masjid, madrasa, karvonsaroy, hammom, rabot, hovuz va ko‘priklar qurdirgan. Tarixchi Xondamir Navoiy qurgan ba’zi imoratlarning aniq tafsilotlarini keltiradi. Ular orasida 52 rabot, 18 masjid, 3 madrasa, 16 ko‘prik, 19 hovuz, 9 hammom va boshqa bir qancha imoratlar va inshootlar bo‘lgan. Rabotlar cho‘l va suvsiz biyobonlardan o‘tuvchi uzoq karvon yo‘llarida savdogar va yo‘lovchilarning xotirjam qo‘nishi va to‘xtab, dam olishlari uchun qurilgan binolardir. Ular tarkibida mehmonxona, masjid, dam olish xonalari (hujralar), quduqlar va hatto yuk hayvonlarini bog‘lash uchun hovlilar bo‘lgan.
Navoiy vazirlik vazifasidan iste’fo bergach, uning do‘sti sulton Husayn Boyqaro Alisherga uy-joy va bog‘ bitmog‘i uchun shahar tashqarisidagi xushhavo Injil kanali bo‘yidan yer va suv ajratib beradi. U yerga Navoiy o‘ziga atab hovli-joy, bog‘cha va katta kutubxona bunyod etibgina qolmay, 1475-1481 yillar orasida bir qancha xayrli qurilishlarni ham amalga oshiradi. Akademik G.A.Pugachenkovaning fikricha, bu qurilishlarning umumiy bosh rejasini Navoiyning o‘zi taklif etgan bo‘lib, qurilish Hirotning qator ustakor me’mor, muhandis, binokor va naqqoshlari tomonidan amalga oshirilgan. Navoiyning shaxsan o‘zi ish boshida turgani uchun me’morlar va quruvchilar alohida zavq-shavq bilan mehnat qilishgan.
Navoiy Injil kanali bo‘yida hashamatli “Ixlosiya” madrasasi va uning qarshisida esa g‘oyat go‘zal va ko‘rkam “Xalosiya” xonaqosini soldiradi. Navoiy bunyod etgan ushbu me’moriy majmua tashkil etilishiga ko‘ra, O‘rta Osiyo shaharsozlik nazariyasida “qo‘sh uslub” nomi bilan mashhur. Samarqanddagi Registon maydonida olamga mashhur Ulug‘bek va Sherdor madrasalari ham “qo‘sh” uslubidagi ansambl ko‘rinishida bunyod etilganligi hammamizga ma’lum. Bu uslubning asosiy xususiyati shundan iboratki, ansambl tarkibidagi binolarning bosh peshtoqi bir birlarining ro‘parasida joylashmog‘i kerak. Ular orasidagi masofa ushbu binolar bosh tarzlari eni yig‘indisining yarmidan kam bo‘lmasligi maqsadga muvofiq. Binolar orasida maydon joylashgan yoki ko‘cha o‘tgan bo‘lishi mumkin.
Binolarni qo‘sh uslubidagi majmua tarzida bunyod etishdan asosiy maqsad binolar orasidagi gavjum maydon yoki ko‘chada kun davomida soya-salqin tashkil etishdir. Bu uslub yordamida Injil kanali bo‘yida tashkil etilgan muhtasham me’moriy muhitda ham xushhavo mo‘’jaz iqlim yaratilganki, bu shaharsozlik bobida e’tiborga loyiqdir.
Navoiy ushbu masjidning janubiy tomonida “Xalosiya” xonaqosi, g‘arbida, Injil yaqinida “Shafoiya” shifoxonasi, uning qarshisida esa “Safoiya” hammomini, ular qoshiga hovuz ham quradi.
Navoiy Hirotda qurdirgan binolarida hozirgi me’morchiligimizda biz yangilik deb ishlatadigan anjumanlikka-majmualikka erishishga harakat qilgan va bunga erishgan ham. Qurishga ajratilgan Injil kanali bo‘yidagi maydonga Navoiy o‘z davrining yetuk me’morlari bilan maslahatlashib, qurilajak imoratlar va tashkil etilajak xayrli xizmatlar turini mumkin qadar anjumanlashtirgan. Bu yerdagi imoratlar orasida uy-joylardan tashqari, madrasa, xonaqoh, shifoxona, hammom, hovuzlar, savdo rastalari, dam olish xiyobonlari, bog‘-rog‘lar mujassam bo‘lgan.
Navoiy qurdirgan imoratlar o‘zining ko‘rkamligi, xushhavoligi, zebu ziynati, mahobati bilan boshqa imoratlardan ajralib turgan. Hirotdagi boyona o‘ylarni bezashda Navoiy me’morlarga rangli derazalardan foydalanishni taklif qiladi. Alisher Navoiy qurgan binolar uslubi va arxitekturasi shoir zamondoshlari qo‘lyozmalarida, Navoiyning o‘z asarlariga bitilgan miniatyuralarda to‘liq bo‘lmasa-da, jozibador tasvirlangan. G.Pugachenkovaning fikricha, bu miniatyuralar Navoiy yashagan davr me’morchiligidan aks-sadodir. Shoirning “Xamsa”siga ishlangan miniatyuralarda bog‘lar, bog‘ ko‘shklari, hammom, hovuzlar, favvoralar tasvirini uchratamiz. Miniatyuralardan birida Navoiy davrining hammomlari g‘oyat hashamdor qilib bezatilganligini, ularga qadimiy Sharqning farishta qushlari - anqoning tasviri ifodalanganligining shohidi bo‘lamiz. Yuvinish zalining poli marmar, taxtalar izorasi esa odam bo‘yi balandligida hoshiyali lojuvard naqshlar bilan bezatilgan. Devorning yuqori qismiga sodda naqshlar, peshtoqiga esa o‘simliksimon shakllar bilan hasham berilgan.
Bundan tashqari, Navoiy Mashhadda shahar xiyoboniga katta ariq yotqizib uni obod etadi va o‘zi e’tiqod qo‘ygan imom Rizo (X asr) maqbarasining janubiy qismiga g‘oyat bir go‘zal ayvon bunyod ettirib, ul joyni Qur’on o‘qishga moslab “Dorush-huffoz” tashkil qiladi. Shunisi e’tiborga loyiqki, Navoiy qurdirgan ayvonning naqshin ustunlari bo‘lib, ulardan biriga o‘zining emas, balki do‘sti va hamkori Husayn Boyqaro nomini naqshlatgan.
Alisher Navoiyning bunyodkorlik faoliyati uning chuqur dunyoqarashidan kelib chiqib, odamiylikka, xalqparvarlikka, ezgulikka yo‘g‘rilgan. Navoiy o‘z zamondoshlarini, hatto asarlaridagi qahramonlarini ham bunyodkorlikka undaydi:
Kim qilsa imoratki, maqdur o‘lg‘ay,
Chun ismi kitobida mastur o‘lg‘ay.
Ne choqqacha ul binoki ma’mur o‘lg‘ay,
Ul ism ulus tiliga mazkur o‘lg‘ay.
Navoiy xalqparvarligining mohiyati uning she’riyatidagina bo‘lib qolmay, balki uning ma’murchilik va me’morchilik ishlarida ham namoyon bo‘ldi.
Alisher Navoiy zamonasida Hirot aholisi 2 milliondan ortiq bo‘lib,u eng yirik, boy va madaniy shaharlardan biriga aylanadi. O‘sha davrda Hirot va Xuroson mamlakatining boshqa viloyatlarida 12 mingdan ortik turli xil bino va inshootlar quriladi. Natijada Alisher Navoiy va Hirot sultoni Husayn Boyqaro zamonasida ma’naviyat, san’at va ilm-fan taraqqiyotida temuriylar faxri bo‘lgan Samarqanddan ham o‘zib ketadi. Boshqacha aytganda, Alisher Navoiy davriga kelib Movarounnahr va Xuroson mamlakatlarining madaniy markazi Hirot shahriga ko‘chgan edi. Shaxsan Husayn Boyqaroning o‘zi ham bir nechta masjid, madrasayu xonaqox, karvonsaroy, ko‘priklar, bog‘-rog‘lar bunyod etadi. Shuningdek, u ma’rifatparvarlik va ma’murchilik ishlarini amalga oshiradi.
Xurosonning Alisher Navoiy davridagi ijtimoiy–iqtisodiy va madaniy holati ular hukmronligi davridagi ijtimoiy va madaniy hayot, Temuriylarning orzu umidlari, intilishlari, bu davr ijodkorlari va me’moru-muhandislari, binokorlarining bunyodkorlik g‘oya-lari va izlanishlari asosida shakllanib, Temuriylar davri ijtimoiy, madaniy hayotining tadrijiy davomchisi sifatida yuzaga keldi.
Xurosonning turli hududlarida Alisher Navoiy tomonidan bunyod etilgan muhandislik va irrigatsiya inshootlari Navoiyning gumanizmini belgilab beruvchi bunyodkorlik amaliyotidir. Navoiy ushbu inshootlarsiz xalq dardiga “navo” bo‘la olmaslikni, ularsiz mamlakatni rivojlantirib bo‘lmaslikni yaxshi tushungan. Bu inshootlar mamlakat obodonchiligi va xalq faravonligiga xizmat qilgan. Navoiy bunday kasb egalarining faoliyati va ishlariga rahnamolik qilgan, buyurtmalar berib, ularni qo‘llab-quvatlagan. Natijada ushbu kasb egalari yangi ixtirolar qilgan. Yangi konstruksiyali ko‘priklar, sardoba va yaxdonlar ana shunday ixtirolar turiga kirgan.
Alisher Navoiy jangu jadallar va zilzilalar oqibatida vayron bo‘lgan, avval qurilgan ko‘pgina jamoat binolarini qayta tiklash va ta’mirlashdek sermashaqqat ishlarni ham amalga oshiradi. Navoiyning me’moriy obidalar ta’miriga boshchilik qilgan yirik tadbirlaridan biri, Hirotdagi jome masjididir. Xondamirning “Xulosat ul-axbor” asarida Hirot shahridagi ushbu masjid Husayn Boyqaro davrida bo‘lib o‘tgan zilzila natijasida binoning gumbazi va maqsurasi shikastlangani haqida ma’lumot keltirilgan. Obod joy vayronaga aylangan, baland devorlari qiyshayib, ayanchli ahvolga kelgan, ganch bezaklari to‘kilib tushgan edi. Ushbu masjidning Xondamir keltirgan ta’rifida uning me’moriy o‘lchamlari haqida ham ma’lumotlar berilgan.
Navoiy Hirot va boshqa shaharu-qishloqlarda 12 ta masjid qayta tuzattiradi, jumladan XIII asrda Hirotda bino qilingan yuqorida tilga olingan jome masjidini, 1405-1418 yillarda Mashhadda qurilgan Gavharshod masjidini, XI asr boshida Gurgon yaqinida o‘rnatilgan Qobus minorasi, XI asrda Marv va Hirot shaharlari oralig‘ida qurilgan Arslonjoziba raboti va ko‘pgina boshqa imoratu-inshootlarni ta’mir ettiradi.
Alisher Navoiy o‘z hayoti davomida “ming bir” xayrli ishlarni bajarishni niyat qilgan edi. Shulardan 366 tasi binolar va ta’mirlash bo‘lib, bu vazifani u sharaf bilan bajardi. Navoiyning me’mor-muhandislar bilan muloqotda bo‘lishi, ba’zi me’moriy masalalarda ular bilan barobar fikr yuritishi shoirning muhandislik sohasidagi iste’dodidan darak beradi. Bundan tashqari, Navoiyning me’morlar san’atiga bo‘lgan shaxsiy qiziqishi ham jiddiy ahamiyatga ega bo‘lgan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, Navoiy ko‘p qurilishlarning tarhini o‘zi tuzar, ayrim me’morlarning xato va kamchiliklarini ko‘rsatib berar va o‘z fikrini muntazam ko‘p burchaklar, aylana va doiralar haqidagi qonuniyatlardan dalil keltirib isbotlar edi.
Olim P.Zohidov Alisher Navoiyning me’morchilik va bunyodkorlik sohasidagi mo‘’tabar xizmatlariga yuksak baho berib: “...mubolag‘asiz aytish mumkinki, jahon tarixida hech bir shoir Alisher Navoiychalik ko‘p binolar qurgan emas, me’mor san’atini shunchalik zavq-shavq bilan ulug‘lagan emas”, degan edi.
Navoiyning qurdirgan binolariga shoirona chiroyli nomlar qo‘yish odati bo‘lgan. Ixlosiya, Xalosiya, Shifoiya, Safoiya, Nizomiya, Xusraviya va Fanoiya shular jumlasidandir. Bino nomlari ma’nodor, “ismi jismiga monand”, shuningdek, zaruriyatga qarab abjad hisobida qurilish yili tarixini ham ifodalashi mumkin bo‘lgan. Masalan, Ixlosiya madrasasining nomi Navoiyning do‘sti Sulton Husayn Boyqaroga bo‘lgan shaxsiy ixlosini, minnatdorchiligini bildirsa, Shifoiya shifoxonasining nomi sog‘liq, shifo, Safoiya hammomining nomi esa ozodalik, poklik ma’nosini anglatgan. Xusraviya madrasasining nomi binoning birinchi g‘ishtini qo‘ygan marhum shahzoda Mirzo Muhammad nomi hamda uning qurilish yilini ifodalagan.
Ahtam O‘rolov,
arxitektura fanlari doktori, professor.
Ўзбекистон Республикаси Президенти матбуот хизмати
Ўзбекистон Республикаси Давлат ҳукумати портали
Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси Сенати
Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси Қонунчилик палатаси
Ўзбекистон Республикаси миллий қонунчилиги онлайн базаси
Алоқа, ахборотлаштириш ва телекоммуникация бўйича давлат инспексияси
Ҳозир онлайн
Рўйхатдан ўтганлар: 1
Меҳмонлар: 13
Copyright © 2010 – 2018. Самарқанд вилояти ҳокимлиги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.samarkand.uz манбаи кўрсатилиши шарт.