w w w . s a m a r k a n d . u z
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Lombardiya mintaqasi Prezidenti Attilio Fontana bilan uchrashdi.
Uchrashuvda bugungi kunda O‘zbekiston va Italiya munosabatlari yanada mustahkamlanib borayotgani alohida qayd etildi.
- Lombardiya delegatsiyasining yaqinda Samarqand viloyatiga amalga oshirgan tashrifi va o‘tkazilgan mazmunli uchrashuvlarni iliqlik bilan eslaymiz. Shubhasiz, tashrif davomida imzolangan Samarqand viloyati va Lombardiya hududi o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvi hududlarimiz o‘rtasida do‘stona aloqalarni rivojlantirishda yangi sahifa ochdi,- dedi Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investisiyaviy aloqalarni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishish haqida so‘z yurtildi.
- Lombardiyaning barcha sohalarda, jumladan, mashinasozlik, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda katta yutuqlarga erishganligi, qolaversa, dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchi kompaniyalari (Perilli, Armani, Versace) aynan Lombardiya mintaqasida faoliyat yuritib kelayotganligi kelgusida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qiziqishimizni yanada oshirdi,- dedi viloyat rahbari.
Uchrashuvda Lombardiya mintaqasi Prezidenti Attilio Fontana betakror O‘zbekiston ayniqsa, Samarqand bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish muhim jarayon ekanini ta’kidladi. - Samarqand qadimdan mamlakatning eng ahamiyatli shaharlaridan biri bo‘lib, Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi savdo yo‘llarida muhim o‘rin egallaganligini yaxshi bilamiz. Bugungi kunda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni hududlar darajasida davom ettirish tarixiylik kasb etgan voqeadir. Lombardiya mintaqasi hamkorlikka doimo tayyor,-dedi Attilio Fontana.
Muloqotda Adiz Boboyev joriy yilning iyun oyida Attilio Fontananing Samarqandga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida O‘zbekiston-Italiya kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish markazini tashkil etish bo‘yicha dastlabki loyiha takliflari ishlab chiqilganini ma'lum qildi.
Uchrashuvda ushbu kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish yuzasidan ham fikrlashib olindi.