w w w . s a m a r k a n d . u z
Dunyoning eng nufuzli Times Higher Education reyting agentligining Impact Ranking - 2025-yilgi natijalari e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti mazkur reytingda dunyoning eng yaxshi TOP-600 oliy ta’lim muassasalari qatoridan joy oldi. Maʼlumot o‘rnida aytish kerakki,
2025-yilda ushbu reytingda dunyoning 130 mamlakatidan 2526 universitet ishtirok etgan.
2024-yilda ushbu reytingda universitet ilk bor TOP-1000 universitetlar qatoriga kiritilgan edi.
Samarqand davlat universiteti, shuningdek, toza suv va sanitariya (SDG6) va quruqlikdagi ekotizimlarni asrash (SDG15) yo‘nalishlarida dunyoning TOP-100 universitetlari ro‘yxatiga ham kiritildi.
Shu munosabat bilan Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirokida universitet ilmiy-pedagogik jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Dastlab universitet faoliyati, keyingi yillardagi yangilik va o‘zgarishlar haqidagi taqdimotlar bilan tanishildi.
Shundan so‘ng bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat rahbari professor-o‘qituvchilar tomonidan amalga oshirilayotgan amaliy ishlar, oliygoh ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqot va izlanishlar, kadrlar tayyorlash tizimi haqida gapirib, universitet jamoasini nufuzli jahon reytingida eʼtirof etilganligi bilan tabrikladi.