w w w . s a m a r k a n d . u z

Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – demokratik jamiyat rivojining garovi

Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – demokratik jamiyat rivojining garovi

.

Qonun ustuvorligi tamoyili har qanday huquqiy davlatning asosiy mezonlaridan biri sanaladi. U jamiyatda tenglik, adolat va huquq ustuvorligini ta’minlaydi. Konstitutsiya qonun ustuvorligi tamoyilining eng muhim vazifasini bajaradi. Konstitutsiya davlatning bosh qonuni sifatida davlat hokimiyatining tashkil etilishi, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda davlat organlari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilaydi. Konstitutsiya davlatning barcha organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo‘lgan oliy yuridik kuchga ega hujjatdir.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ro‘y berayotgan barcha o‘zgarish va yangilanishlar asosi, milliy qonunchiligimiz poydevori bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jahon hamjamiyatida zamonaviy demokratik qonunchilik namunasi sifatida e’tirof etilmoqda. Konstitutsiya nafaqat huquqiy hujjat, balki jamiyat va davlat hayotini ifodalovchi siyosiy-me’yoriy manba hisoblanadi. Qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar ushbu siyosiy-me’yoriy manbadan andoza oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiniing III bobi Konstitutsiya va qonunning ustunligiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinishi belgilab qo‘yilgan.

Konstitutsiyaning 16-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish yuzasidan qabul qilinadi.

Xususan, “Normativ huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasida O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilish va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etilishi qat’iy belgilangan.

Qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lishi  inson huquq va erkinliklariga xizmat qilishini nazarda tutadi.

Inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda Konstitutsiya asosiy hujjat hisoblanadi. Fuqaroning qadr-qimmati va daxlsizligi Konstitutsiyada eng oliy qadriyat sifatida belgilangan. Xususan, bosh Qomusimizning II bob 13-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, unga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.

Konstitutsiya bilan inson va davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilab qo‘yildi. Bu ham amaldagi qonun hujjatlarimiz faqat va faqat inson va uning munosib hayot kechirishi uchun xizmat qilishini anglatadi.

Konstitutsiya va qonun ustuvorligi davlat barqarorligi, inson huquqlari, iqtisodiy rivoj va jamiyat tinchligining asosiy kafolatidir. Ularning amalda to‘la ta’minlanishi uchun davlat organlari, fuqarolar va fuqarolik jamiyati birgalikda va mas’uliyat bilan harakat qilishi shart.

Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilgan yangi norma va prinsiplar “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini amalga oshirishga mustahkam asos bo‘ldi. Shu bilan birga, konstitutsiyaviy islohotlar Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.


Oxirgi o‘zgarish: 28/10/2025 15:18.   Ko‘rilganligi: 15
 
Material manzili: https://samarkand.uz/konstitutsiya-va-qonun-ustuvorligi-demokratik-jamiyat-rivojining-garovi

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 0
Mehmonlar: 3

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.

 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing