w w w . s a m a r k a n d . u z

Samarqanddagi velotrekni xorij kompaniyasi quradi

Samarqanddagi velotrekni xorij kompaniyasi quradi

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 24 sentyabrdagi qaroriga asosan Samarqandda velosportning trek turi bo‘yicha respublika va xalqaro musobaqalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan yopiq velotrek sport inshooti quriladi.

Qarorda mazkur inshootni xalqaro standartlarga javob beradigan tarzda qurish kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan. 

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Germaniyaning nufuzli “Velo Track GmbH & Co. KG” qurilish kompaniyasi vakillari bilan muzokara olib bordi.

“Velo Track GmbH & Co. KG” kompaniyasi yopiq turdagi velotreklarda velosiped haydaydigan qoplamaning yog‘ochli qatlamini loyihalashtirish va qurish bo‘yicha dunyoda juda ko‘p yillik va katta amaliy tajribaga ega kompaniyadir. Ular tomonidan Angliya, Indoneziya, Janubiy Koreya, Turkiya va boshqa davlatlarda loyihalash va qurilish ishlari amalga oshirilgan. Kompaniya endilikda O‘zbekistonning qator viloyatlarida ham ana shunday velotreklarni quradi. 

Uchrashuvda E.Turdimov bildirilgan takliflardan kelib chiqib, kompaniya vakillari Samarqand viloyatining bir qator hududlarini o‘rganib chiqishi va ana shu hududlardan biri tanlanib, unda velotrek qurish mumkinligini bildirdi. Bu jarayonda kompaniya loyiha taklifini tayyorlaydi. 

Muloqotda qayd etilganidek, mazkur sport majmuasining barpo etilishi sportchilarimizning kelgusida Osiyo va Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishlariga, yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilishga hamda turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.


Oxirgi o‘zgarish: 09/03/2022 08:32.   Ko‘rilganligi: 718
 
Material manzili: https://samarkand.uz/regional_government/foreign_relations/samarqanddagi-velotrekni-xorij-kompaniyasi-quradi

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 2
Mehmonlar: 14

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.