w w w . s a m a r k a n d . u z

Odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik holati jamoatchilikka xabardor qilinadi

Odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik holati jamoatchilikka xabardor qilinadi

Prezident Sh.Mirziyoyev 16-yanvar kuni “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi,

shuningdek, ushbu farmon ijrosini samarali ta’minlash maqsadida “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Ushbu hujjatlar bilan odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish maqsadida 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi hamda ushbu strategiyani amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi tasdiqlandi. 

Strategiya doirasida odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifalari etib “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish, adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash qayd etildi. 

Fuqarolar hamda tadbirkorlarga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qila olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratildi. 

Farmonda sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirish, sudga hurmatsizlik qilish va sud ishiga aralashish holatlarining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqish nazarda tutildi. Prezident Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida davlatimiz rahbari fuqarolarning sudma-sud sarson bo‘lishlariga barham berilishi, viloyat sudlarining odil sudlovni amalga oshirish borasidagi vakolatlari yanada kengaytirilishini bayon qilgan edi. Viloyat sudlari vakolatlari kengaytirilishining o‘zi odamlarning qanchalar ovoragarchiliklariga barham beradi. Bu nimalarda ko‘rinadi?  

Sud qarorlari qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganligini tekshirishning fuqarolarga qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratish maqsadida mazkur farmonda tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyasiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda. Bu tartib amalga oshishi bilan odil sudlovga erishishning imkoniyatlari yanada kengayib, aholi ovoragarchiligining oldi olinadi. Endilikda birinchi instansiya sudining qaror yoki hukmidan norozi taraflar viloyat sudiga apellyasiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilib, natijasidan ham qoniqmasa, adolat qaror topmadi, deb hisoblasa ish mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqiladi. 

Yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyatini yuklatilmoqda. Mana shu amaliyot ham, albatta, o‘zining ijobiy samarasini beradi. Chunki sud hujjatidan norozi odamlar yuqori instansiya sudiga katta umid bilan murojaat qiladi. Ular esa ishni yana quyi sudlarga qayta ko‘rish uchun yuboradi. Endilikda yuqori instansiyaning o‘zi yakuniy to‘xtamga kelishi kerak bo‘ladi. 

Bundan tashqari, farmonda sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida ularning ishiga har qanday aralashuv qat’iy jazolanishi, sudyalarning xavotirsiz ishlashi uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratilishi qayd etildi.

Sudga hurmatsizlik qilish holatlarining oldini olishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, buning uchun ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash, sud ishlarini hal etishga aralashganlik va sud hujjatini ijro etmaganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlikka doir har bir jinoyat ishi yakuni bo‘yicha jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari orqali majburiy ravishda xabardor qilish tartibini joriy etish belgilandi. Ya’ni, kimdir qaysidir yo‘sinda sud ishiga aralashsa, turli ko‘rinishda bosim yoki xalaqit bersa javobgarlikka tortiladi. Mazkur ish natijasi esa, albatta, matbuotda keng yoritiladi.


Kiritilgan vaqti: 20/01/2023 17:26.   Ko‘rilganligi: 219
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/odil-sudlovni-amalga-oshirish-faoliyatiga-aralashganlik-holati-jamoatchilikka-xabardor-qilinadi

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 1
Mehmonlar: 4

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.